2025-yil 9-avgust kuni Toshkent davlat tibbiyot universitetining 1-son Akademik litseyi katta majlislar zalida “Ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishdagi ishlarni tizimli yo‘lga qo‘yishda tyutorlarga belgilangan vazifalar” mavzusida seminar o‘tkazildi.
Tadbirda Toshkent davlat tibbiyot universiteti rektori, professor Shuxrat Boymuradov, prorektorlar, fakultet dekanlari, dekan o’rinbosarlari, tyutorlar hamda soha mas’ullari ishtirok etdi.
Seminarda tyutorlarning ma’naviy-ma’rifiy faoliyatidagi ustuvor yo‘nalishlar, talabalarda sog‘lom dunyoqarashni shakllantirish, tarbiyaviy ishlarning samaradorligini oshirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berildi.
Endilikda universitetda tyutorlar faoliyatini samarali tashkil etish bo‘yicha yangi tizim joriy etiladi. Tyutorlar talabalarning nafaqat o‘quv jarayoni, balki shaxsiy rivojlanishi va psixologik qo‘llab-quvvatlanishida ham muhim ko‘makchi bo‘lib xizmat qiladi.
Tyutorlar talabalarga o‘qishda yuzaga kelgan qiyinchiliklarni bartaraf etishda yordam beradi, ilmiy va ijodiy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlaydi hamda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qiladi.
Yana bir muhim yangilik – Toshkent davlat tibbiyot universitetida «Korrupsiyadan holi hudud» dasturi e’lon qilindi.
Bu tashabbus doirasida shaffof boshqaruv tizimi, adolatli baholash mezonlari hamda talaba va xodimlarning huquqlarini himoya qilish mexanizmlari joriy qilinadi.
Mazkur seminar tyutorlarning professional faoliyatini takomillashtirish, ularning ma’naviy-ma’rifiy sohadagi ishlarini yanada tizimlashtirish va samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.




