O‘zbekiston–2030 strategiyasi doirasida ilm-fan sohasida muhim yangilik!
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-yanvardagi PF-16-son Farmonida belgilangan vazifalarga muvofiq, fundamental tadqiqotlar uchun navbatdagi “Engineering Research” tanlovi e’lon qilindi.
Bu safargi tanlov matematika, fizika, kimyo, biologiya, geologiya, muhandislik, tibbiyot hamda ekologiya yo‘nalishlarida ilmiy yechimlarni izlashga qaratilgan.
Mavzular orasida Orolbo‘yida uglevodorod qatlamlarini izlash, dorivor o‘simliklar endofit zamburug‘larini tadqiq etish, geologik xavflarni sun’iy intellekt yordamida aniqlash, yadro yoqilg‘isining yangi turlarini o‘rganish va panensefalit kasalligini erta tashxislash kabi dolzarb masalalar bor.
Tanlovda yosh va tajribali olimlardan iborat jamoalar ishtiroki qo‘llab-quvvatlanadi. Rahbar sifatida faqat bitta loyiha taqdim etish mumkin bo‘lib, hamrahbar sifatida xorijiy nufuzli olimlarni jalb etish ham talab etiladi. Loyiha muddati to‘rt yil etib belgilangan, moliyalashtirish hajmi esa 12 ming baravargacha bazaviy hisoblash miqdoriga teng.
Arizalar 2025-yil 18-sentabrga qadar faqat elektron tarzda, www.loyiha.ilmiy.uz platformasi orqali qabul qilinadi.



