O‘zbekiston–2030: Social Research – Fundamental tadqiqotlar tanlovi

Social Research – Fundamental tadqiqotlar tanlovi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-yanvardagi PF-16-son Farmonida belgilangan vazifalarga muvofiq, ijtimoiy-gumanitar fanlar sohasida fundamental tadqiqotlarni amalga oshirish uchun navbatdagi tanlov e’lon qilindi.

Mazkur tanlov til va adabiyot, tarix, arxeologiya, ma’naviyat, madaniyat va san’at kabi fan yo‘nalishlarida jamiyat hayotiga bevosita ta’sir ko‘rsatadigan dolzarb masalalarga ilmiy yechimlar izlashni ko‘zda tutadi.

Tanlov doirasida filologiya va ijtimoiy fanlar, shuningdek, tarix va arxeologiya fanlari yo‘nalishida fundamental izlanishlar qo‘llab-quvvatlanadi.

Tanlov mavzulari orasida Qoraqalpog‘istonning etnik jihatdan aralash hududlarida ijtimoiy-madaniy jarayonlar dinamikasini tadqiq etish, o‘zbek shevalaridagi etnografizmlarni o‘rganish, Markaziy Osiyoda turli davrlarda dunyoviylik g‘oyalarining rivojlanishini yoritish, qadimiy zilzilalarning oqibatlarini arxeoseysmologik tadqiq qilish hamda “Kuchli iqtisodiyot va kuchli ma’naviyat uyg‘unligi” paradigmasini O‘zbekiston–2030 strategiyasining g‘oyaviy drayveriga aylantirish metodologiyasini ishlab chiqish kabi masalalar bor.

Tanlov shartlariga ko‘ra, ilmiy jamoaning o‘rtacha yoshi 45 yoshdan oshmasligi kerak. Jamoada yosh olimlar va magistrantlarning ishtiroki maqsadga muvofiq.

Shuningdek, loyihalarga hamrahbar sifatida xorijiy nufuzli olimlarni jalb etish talab etiladi. Har bir loyiha to‘rt yil muddatga mo‘ljallangan bo‘lib, moliyalashtirish hajmi bazaviy hisoblash miqdorining 12 ming baravarigacha etadi.

Arizalar 2025-yil 18-sentabrga qadar faqat elektron shaklda, www.loyiha.ilmiy.uz platformasi orqali qabul qilinadi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan