O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va Toshkent davlat tibbiyot universiteti hamkorligida ishlab chiqilgan “Sog‘liqni saqlash sohasida korrupsiyaga qarshi kurashish” nomli o‘quv (modul) dasturi asosida o‘quv kurslari tashkil etiladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 21 apreldagi PQ-147-sonli qarori 1-bandining «z» kichik bandida belgilangan ustuvor vazifalar hamda Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining 2025 yil 11 iyulidagi 25-sonli qarori topshiriqlarini ijrosini taʼminlash maqsadida 2025 yil 15 avgustda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirining “Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha xodimlarning bilim va ko‘nikmalarini yana-da oshirish haqida”gi 255-sonli buyrug‘i imzolandi.
Toshkent davlat tibbiyot universitetida ushbu buyruq ijrosini taʼminlash hamda taʼlim oluvchilarning korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi bilimlarini yana-da oshirish maqsadida “Sog‘liqni saqlash sohasida korrupsiyaga qarshi kurashish” nomli o‘quv (modul) dasturi tayyorlandi. 2025/2026 o‘quv yilidan boshlab TDTU bakalavriatura 6-kurs talabalariga, magistratura va klinik ordinaturaning 2-kursida tahsil olayotganlarga ushbu o‘quv dasturi asosida sohaning yetuk mutaxassislari tomonidan mashg‘ulotlar o‘tkaziladi.
O‘quv dasturida sog‘liqni saqlash sohasidagi korrupsiya tushunchasi, uning turlari va kelib chiqish omillari, shuningdek, sohaga oid milliy qonunchilik asoslari hamda tibbiyot sohasida korrupsiyaviy jinoyatlarning yuzaga kelish omillari va javobgarlik masalalari kabi muammolar atroflicha yoritilgan. Mavzular zamonaviy ilmiy-uslubiy yondashuvlarga tayangan holda tuzilgan bo‘lib, respublikada ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan tizimli choralar hamda xorijiy davlatlar tajribasi bilan bog‘liq maʼlumotlar qamrab olingani alohida ahamiyatga ega.


