Toshkent davlat tibbiyot universitetining Chirchiq filialida 1-bosqichga qabul qilingan talabalar uchun 2025/2026-o‘quv yilini boshlash tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbirda Toshkent davlat tibbiyot universitetining Hududiy ta’lim muassasalari bilan ishlash bo‘yicha prorektori Sayfiddin Baymakov, filial rahbariyati va pedagogik jamoasi, talaba-yoshlari hamda ularning ota-onalari ishtirok etdilar.
Ko‘tarinki ruhda o‘tkazilgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi yangrab, talabalar tomonidan tayyorlangan musiqiy-badiiy dastur mehmonlarga bayramona kayfiyat ulashdi.
Tadbir davomida talabalarga universitetdagi ta’lim jarayoni, ilmiy faoliyat, xalqaro hamkorlik loyihalari, zamonaviy laboratoriyalar hamda klinik bazalar haqida ma’lumot berildi.
Shuningdek, ma’naviy-ma’rifiy tadbir doirasida 1-bosqichga qabul qilingan talabalarning ota-onalari bilan uchrashuv o‘tkazildi. Unda ota-onalar filialdagi o‘quv jarayonlari, ta’lim dasturlari, talabalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar hamda yotoqxona va ijtimoiy hayot imkoniyatlari bilan batafsil tanishtirildi.
Universitet filiali rahbariyati va professor-o‘qituvchilar jamoasi ota-onalar bilan ochiq muloqot o‘tkazib, ularning savollariga javob berdilar.






