Toshkent davlat tibbiyot universitetining Bosh kampusi, Pediatriya kampusi va Stomatologiya kampusi hududlarida 21-oktabr – “O‘zbek tili bayrami kuni” munosabati bilan navbatdagi “Ma’rifat darsi” tashkil etildi.
Mazkur ma’rifiy tadbir O‘zbekiston Respublikasining davlat tili maqomiga ega bo‘lgan o‘zbek tilining jamiyatdagi o‘rni va ahamiyatini yanada mustahkamlash, yosh avlodda milliy g‘urur va iftixorni kuchaytirish, o‘z ona tiliga hurmat va e’tiqodni yuksaltirish maqsadida o‘tkazildi.
Darsning faxriy mehmoni sifatida “Favvora film” studiyasi ta’sischisi va prodyuseri Keldiyor Xujayorov ishtirok etdi. U o‘z chiqishida talaba-yoshlar bilan samimiy suhbat olib borib, milliy kino san’atining bugungi rivojida o‘zbek tilining beqiyos o‘rni va ahamiyati, shuningdek, til orqali milliy qadriyatlar va madaniyatni keng targ‘ib etishning dolzarb masalalari haqida so‘z yuritdi.
Tadbir davomida talabalar o‘z fikr-mulohazalarini bildirishdi, mehmon bilan savol-javoblar o‘tkazildi. Ma’rifat darsi doirasida o‘zbek tili va adabiyotining boy merosi, shuningdek, yoshlarning tilga bo‘lgan e’tiborini oshirishga qaratilgan targ‘ibot ishlari muhokama qilindi.
Yakunda “Ma’rifat darsi” ishtirokchilari ona tilining davlat va jamiyat hayotidagi o‘rni beqiyos ekanini, uni ardoqlash va asrab-avaylash har bir fuqaroning burchi ekanini alohida ta’kidladilar.






