(1935-yilgacha O‘rta Osiyo tibbiyot instituti, 1990-yilgacha Toshkent davlat tibbiyot instituti sifatida faoliyat yuritgan).
1931-yilda O‘rta Osiyo davlat universitetining davolash fakulteti mustaqil tibbiyot institutiga aylantirildi. Institutning birinchi rektori etib G.P. Fyodorov (1931-yil) tayinlandi. Aynan shu yili X.U. Umarov (1931-1932) ham institutiga rektorlik qildi. Shu davrda institut kafedralari va klinikalarini sobiq harbiy bo‘limga joylashtirish, kafedralarni mutaxassislar bilan ta’minlash, institutning moddiy-texnik bazasini yaxshilash bo‘yicha qator chora-tadbirlar amalga oshirildi.
1932-yilda B. Sattarov (1932-1936) institut rektori etib tayinlandi (1932-1936-yillar). Shu yili O‘rta Osiyo tibbiyot instituti Toshkent tibbiyot institutiga aylantirildi. Buning natijasida institutning moddiy-texnik holati va tibbiyot mutaxassislar ta’minoti yaxshilandi.
1936-yil E.Yu. Shurpe rektor etib tayinlandi, 1937-yilda institutni V.D. Shtiben, 1937-1938-yillarda esa U. Nedrit boshqardi. Bu yillarda talabalar soni ham ortib bordi. Institutni tibbiy pedagogik soha mutaxassislari bilan ta’minlash masalasi boshqa shaharlardagi institutlar, jumladan Moskva va Leningraddan taklif etilgan tibbiyot mutaxassislari hisobidan hal etildi. Shu vaqtga kelib institut klinikalarida ko‘plab kasalliklarni tashxislash va davolash takomillashtirildi.
1938-yilda institut rektori etib M.U. Mirsagatov (1938-1940-yillar) tayinlandi. Bu vaqtga kelib respublika hukumati tibbiyot institutiga ko‘proq mablag‘ ajratishni boshladi. Institut bazasi sezilarli darajada kengaytirildi. Klinika tarkibiga yuqumli kasalliklar, onkologiya, ortopediya yo‘nalishlari kiritildi, dermatovenerologiya, otorinolaringologiya, sil, nevrologiya klinikalari va rentgenoradiologiya kafedrasi ta’mirlandi. Talabalar va o‘qituvchilar uchun yotoqxonalar qurildi.
1940-1941-yillar davomida institutga tibbiyot fanlari doktori, professor Berliner Boris Isayevich rahbarlik qildi. U 1943-yilda «Operatsiya Krukenberga i yeyo znachenie v povishenii funktsii amputatsionnoy kulturi predplechya» mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. 90 dan ortiq ilmiy ishlar muallifi bo‘lgan. 1957-1962 yillar davomida travmatologiya va ortopediya kafedrasi mudiri lavozimida faoliyat yuritgan B.I. Berliner “Qizil yulduz” mehnat nishoni va “Hurmat belgisi” medali bilan taqdirlangan.
1941-1944-yillarda tibbiyot fanlari nomzodi, dotsent Mo‘minov Yoqub Karimboboyevich institut rektori etib tayinlangan. Ikkinchi jahon urushi yillarida institut hududiga turli tashkilotlar evakuatsiya qilingan. Natijada o‘quv auditoriyalari, laboratoriyalar va kafedralar soni kamaydi, institutning bir qancha xodimlari frontga jo‘natildi. Bu esa o‘quv jarayoniga salbiy ta’sir ko‘rsatdi.
945-1947-yillarda institutga tibbiyot fanlari doktori, professor, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi Zohidov Hakim Zohidovich rektorlik qilgan. U 1959-yilda “Topografo-anatomicheskiye vzaimootnosheniya dvigatelnoy i chuvstvitelnoy portsii troynichnogo nerva v stvolovoy chasti golovnogo mozga v vozrastnom aspekte” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan. 55 dan ortiq ilmiy ishlar muallifi. 1947-1951-yillarda O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri, 1957-1961-yillarda normal anatomiya kafedrasi mudiri bo‘lib ishlagan. “Hurmat belgisi” ordenining ikki karra sohibi, “Ulug‘ Vatan urushi oldidagi xizmatlari uchun” medali sohibi va “Mehnat shuhrati” medali, “Sog‘liqni saqlash a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan.
1947-1950-yillarda insitut rektori etib biologiya fanlari doktori, professor, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, O‘zbekiston Respublikasi fanlar akademiyasi akademigi, Lenin mukofoti laureati, ikkinchi jahon urushi qatnashchisi To‘raqulov Yorqin Xolmatovich tayinlangan. U 1959-yilda “Tireoid patalogiyasining ayrim shakllarida qalqonsimon bezning gormonlar biokimyosi” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan. Endokrin kasalliklar bo‘yicha 400 dan ortiq ilmiy ishlar muallifi. 12 nafar fan doktori va 50 dan ortiq fan nomzodlarini tayyorlagan. Biokimyogarlar jamiyati Prezidiumining a’zosi, O‘zbekiston biokimyogarlar va endokrinologlar jamiyati raisi, “Fan va turmush”,“O‘zbekiston biologiyasi” jurnallari muharriri sifatida faoliyat yuritgan. “Qizil Yulduz”, “Mehnat qizil bayrog‘i”, “Oktyabr inqilobi” ordenlari bilan taqdirlangan.
1950-1965-yillarda tibbiyot fanlari nomzodi, dotsent, ikkinchi jahon urushi qatnashchisi G‘ulomov Abdumalik G‘ulomovich institutga rahbarlik qilgan. U 1940-yilda nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan. Yuqumli kasalliklar epidemiologiyasi va mikrobiologiyasi bo‘yicha 60 dan ortiq ilmiy ishlar muallifi. Birinchi darajali Ulug‘ Vatan urushi ordenlari, “Qizil yulduz”, “Mehnat qizil bayrog‘i” va “Mehnat shuhrati” medali bilan taqdirlangan.
1965-1971-yillarda insitutga tibbiyot fanlari doktori, professor, O‘zbekiston Respublikasi fanlar akademiyasi akademigi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Zufarov Komiljon Axmedjanovich rektor etib saylandi. U 32 nafar fan doktori va 106 dan ortiq fan nomzodlarini tayyorlagan. Gistologiyaning dolzarb masalalari bo‘yicha 200 dan ortiq ilmiy ishlar muallifi. Sobiq SSSR fanlar akademiyasining elektron mikroskopi, O‘zbekiston fanlar akademiyasining “Sitologiya” ilmiy Kengashlari a’zosi, O‘rta Osiyo va Qozog‘iston Muvofiqlashtiruvchi morfologlar kengashi, O‘zbekiston gastroenterologlar jamiyati raisi sifatida faoliyat yuritgan. “O‘zbekiston tibbiyoti”, “Zeitschrift fur mikroskopish-anatomische Forschungc” xalqaro jurnallari tahririyati a’zosi bo‘lgan.
Insitutga 1971-1984-yillarda rektorlik qilgan Aripov O‘ktam Aripovich tibbiyot fanlari doktori, professor, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan shifokor, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, O‘zbekiston Respublikasi, Rossiya va Nyu-York fanlar akademiyasi akademigi, Zemmelveys nomidagi Budapesht tibbiyot universitetining faxriy doktori, Beruniy nomidagi davlat mukofoti sovrindori bo‘lgan. 25 nafar fan doktori, 80 ga yaqin fan nomzodlarini tayyorlagan. 450 ta ilmiy ishlar, 21 ta darslik va o‘quv qo‘llanmalar, 30 dan ortiq patentlar muallifi.
1984-1987-yillar rektor vazifasini bajargan Maxmudov Orxan Sirojiddinovich tibbiyot fanlari doktori, professor, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, Beruniy nomidagi Davlat mukofoti sovrindori bo‘lgan. 1966-yilda doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan. 10 dan ortiq fan doktorlari va 50 nafar fan nomzodlarini tayyorlagan. O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari, yuqumli kasalliklar kafedrasi mudiri lavozimlarida ishlagan. 300 dan ortiq ilmiy ishlar, 10 dan ortiq darslik, o‘quv qo‘llanma va monografiyalar muallifi.
1987-1990-yillar institutga rektor etib saylangan Shamirzayev Nadjiyulla Xabibullayevich tibbiyot fanlari doktori, professor. U O‘zbekiston Respublikasining “Sog‘liqni saqlash a’lochisi” ko‘krak nishoni, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashi Prezidiumining faxriy yorlig‘i, “Hurmat belgisi” ordeni, “Fidokorona mehnati uchun”, “Mustaqillikning 15 yilligi”va “Anatomlar, gistologlar va embriologlar Butunrossiya ilmiy jamiyatining tuzilishidagi katta xizmatlari uchun” medallari bilan taqdirlangan. 7 nafar fan doktorlari, 23 ta fan nomzodlarini tayyorlagan, 450 dan ortiq ilmiy ishlar muallifi.
1990-2005-yillarda rektor etib tayinlangan Daminov Turg‘unpo‘lat Obidovich tibbiyot fanlari doktori, professor, O‘zbekiston, Rossiya, Polsha tibbiyot akademiyasining faxriy a’zosi. “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan shifokor”, “El-yurt hurmati” va “Do‘stlik” ordenlari, Albert Shveytser nomidagi xalqaro oltin medal, “Mustaqillikning 10 yilligi” va 15 yilligiga bag‘ishlangan ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan. 20 nafar fan doktorlari va 40 nafar fan nomzodlarini tayyorlagan. 500 dan ortiq ilmiy ishlar, 20 dan ortiq darslik, o‘quv qo‘llanma va monografiyalar muallifi.
1990-2004-yilda institut rektori sifatida faoliyat yuritgan Karimov Hamid Yakubovich tibbiyot fanlari doktori, professor, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, Rossiya tabiiy fanlar akademiyasi akademigi, MDH xalqaro patofiziologlar assotsiatsiyasi, Polsha tibbiyot akademiyasining faxriy a’zosi. O‘zbekiston patofiziologlar assotsiatsiyasi raisi, O‘zbekiston tibbiyot jurnali tahririyati a’zosi bo‘lgan. Turli yillarda patologik fiziologiya kafedrasi mudiri, gematologiya va qon quyish ilmiy-tadqiqot instituti rektori, O‘zbekiston qizil yarim oy jamiyati raisi lavozimlarida ishlagan. 51 nafar fan doktorlari va 100 dan ortiq fan nomzodlarini tayyorlagan, 360 dan ortiq ilmiy ishlar, 15 ta monografiya, 38 ta darslik va o‘quv qo‘llanma, 22 ta ixtiro muallifi. AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Daniya, Rossiya va boshqa qator mamlakatlarda o‘tkazilgan nufuzli ilmiy anjumanlar ishtirokchisi.
Institutning 2004-2016-yillardagi rektori Karimov Shavkat Ibragimovich tibbiyot fanlari doktori, professor, O‘zbekiston Respublikasi fanlar akademiyasi va Rossiya tibbiyot fanlari akademiyalari akademigi. O‘zbekiston Respublikasi sog‘ liqni saqlash vaziri, Toshkent davlat tibbiyot instituti dekani va kafedra mudiri lavozimlarida ishlagan. Ayni paytda Respublika ixtisoslashtirilgan jarrohlik angionevrologiya markazi direktori lavozimida ishlab kelmoqda. Xalqaro gepatopankreatobiliar jarrohlik assotsiatsiyasi, Yevropa qon tomir jarrohlari jamiyati, MDH mamlakatlari gepatopankreatobiliar jarrohlar uyushmasi hamda N.I. Pirogov nomidagi jarrohlar uyushmasining faxriy a’zosi. “O‘zbekiston tibbiyoti”, “O‘zbekiston xirurgiyasi”, “Xirurgiya”, “Angiologiya va qon-tomir xirurgiyasi”, “Toshkent tibbiyot akademiyasi axborotnomasi” jurnallari tahririyati a’zosi. “Fidokorona xizmatlari uchun” va “Do‘stlik” ordenlari bilan taqdirlangan. 500 dan ortiq ilmiy ishlar, 25 ta monografiya, 7 ta darslik va o‘quv qo‘llanma, 20 ga yaqin uslubiy qo‘llanma, 70 ga yaqin ixtirolar muallifidir.
2016-2020-yillarda institut rektori etib saylangan To‘ychiyev Laziz Nodirovich tibbiyot fanlari doktori, professor, O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi profilaktik emlash bo‘yicha milliy ekspert guruhi a’zosi, jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining “Yuqumli patologiyani o‘rganish sohasida klinik tadqiqotlar o‘tkazish” yo‘nalishi bo‘yicha koordinatori. O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari, sog‘liqni saqlash vazirligi sanitariya va epidemiologiya Bosh boshqarmasi boshlig‘i, epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tadqiqot instituti rektori lavozimlarida ishlagan. Uning rahbarligida kafedrada 2 ta nomzodlik va 3 ta doktorlik dissertatsiyalari himoya qilingan. “Fidokorona mehnatlari uchun” ordeni sohibi.
2020-yil noyabr oyidan shu kungacha Shadmanov Alisher Qayumovich institutga rektorlik qilib kelmoqda. U tibbiyot fanlari doktori (2002) professor. Moskva shifokorlar malakasini oshirish instituti urologiya kafedrasining klinik ordinatori (1985-1987), aspirant (1987-1990), assistent, dotsent, Andijon davlat tibbiyot instituti kafedra mudiri (1990-1995), klinika bosh shifokori (1993-1996), Andijon shahar hokimligi sog‘liqni saqlash bo‘limi mudiri (1996-2000), dekan, prorektor (2004- 2009), Andijon Davlat tibbiyot instituti rektori (2010-2015), O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati (2016- 2017), O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri (2017-2020) sifatida faoliyat yuritgan. 213 ta ilmiy maqolalar, 1 ta darslik, 6 ta monografiya, 31 ta o‘quv-uslubiy qo‘llanma, 6 ta ixtiro, 21 ta elektron dasturlar muallifi.