Munosabat

Alisher Shadmanov

Keksalarimiz har doim duolarida sog‘liq, tinchlik, xotirjamlikni so‘rashlarida hikmat bor.

Biroq, bir haqiqatni inkor etib bo‘lmaydi. Biz qanchalar sog‘lom, boy-badavlat bo‘lmaylik, yurtda tinchlik va xotirjamlik yo‘qolsa oilamizdan halovat, mahallamizdan osoyishtalik, yurtimizdan tinchlik yo‘qoladi. Xalq sarosimaga tushib, hayotimiz tahlikada qoladi.

Bugungi kunda Qoraqalpog‘istondagi vaziyatning qanchalar jiddiyligi mamlakatimiz fuqarolari singari har bir qardoshimiz, Qoraqalpoq do‘stlarimizni ham tashvishga solayotgani aniq.
Kutilmaganda ro‘y bergan mazkur qaltis vaziyat hammani esankiratib qo‘ydi.

Biroq, shuni ishonch bilan ayta olamizki, O‘zbekistonning hududiy yaxlitligi, tinchligi va barqarorligi masalasi hamisha ustunligicha qolaveradi.
Sababi, O‘zbek va Qoraqalpoq xalqini juda azaldan birlashtirib turgan katta ma’naviy, mustahkam rishta mavjud. Bu-o‘zaro ishonch, do‘stlik va brodarlik kuchidir.

Biz Qoraqalpoq xalqi bilan orzu va maqsadlari bir xalqmiz.

Demakki, bizning do‘stligimizga raxna soluvchilar osonlikcha niyatiga etolmaydi.

Konstitutsiyaviy qonunlarga kelsak, Qoraqalpog‘iston O‘zbekiston hududiy yaxlitligining uzviy va ajralmas qismidir.
Tarixi, dini, maqsad va intilishlari bir xalqni yangi g‘oyalar yanada birlashtirishiga, atrofimizdagi siyosiy sharpalar bizni tanlagan yo‘limizdan qaytara olmasligiga ishonamiz.
Yangicha qarash va o‘zgartirishlar ortida aholi turmush tarzini yaxshilash, madaniy va milliy rivojlanishga shart-sharoit yaratish, ilm-fan takomillashuvidagi aniq harakatlarga asoslangan ezgu amallar mujassam.

Shuni ishonch bilan ayta olamizki, O‘zbekiston xalqi ayniqsa, umidli yoshlarimizning bunday tartibsizliklar, siyosiy o‘yinlarga nisbatan o‘z pozitsiyasi bor.
Biz tinchlik va rivojlanish tarafdorimiz. Do‘st va dushmanning farqini anglay olgan teran fikrli yangi avlod etishib kelayotganidan taskin topamiz.
Amin bo‘lganimizdek, bu kabi provokatsiyalarga hukumatimiz qanday javob berishni yaxshi biladi. Qudratli davlatimizning bunga kuchi va salohiyati etadi.
Axborot siyosati juda nozik masala ekani hammaga ma’lum.

Qolaversa, O‘zbekistonning ichki ishiga birovlarning aralashuvi buzg‘unchilikdan boshqa narsa emas.
Zero, bizda allaqachon o‘z iziga tushib olgan qonunlar mavjud. Shuning uchun ham Hukumatimiz darhol aqlli choralarni boshladi. Ishonamanki, vaziyat tez orada o‘z o‘rniga tushadi.

Toshkent tibbiyot akademiyasi rektori A.Shadmanov

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.