SHHT: Samarqand 2022.Xalqlar taraqqiyoti va farovonligi yo‘lidagi tarixiy uchrashuv.

ShHT

Xalqlar taraqqiyoti va farovonligi yo‘lida tashkilotni yangi marralarga olib chiqishga qodir O‘zbekiston

15-16 sentyabr kunlari Samarqandda bo‘lib o‘tgan Shanxay hamkorlik tashkilotining navbatdagi sammiti ushbu tashkilotning yangi istiqbollarini, amaliy hamkorlikning yangi mexanizmlari va shakllarini ochib berdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti SHHT davlat rahbarlari Kengashining kengaytirilgan majlisidagi nutqida “Asrlar davomida bu yerda turli sivilizatsiyalar vakillari o‘rtasida samarali muloqotning o‘ziga xos madaniyati yaralgan. Samarqand — SHHTni tuzishda asos qilib olingan bag‘rikenglik, turli xalqlarning an’ana va qadriyatlariga hurmat tamoyillari asrlar davomida amalda bo‘lgan hayotiy namunadir”, deb alohida ta’kidlab o‘tdi. Dunyo nigohi qaratilgan ko‘hna va qadimgi Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan sammitga davlat rahbarlari, xalqaro tashkilotlar va mustaqil tadqiqot institutlari yuqori baho berishdi.

Sammitni yuqori darajada o‘tkazilishi va uning natijalari O‘zbekistonning diplomatiya sohasidagi o‘ziga xos tinchliksevar siyosatining dalili bo‘ldi. Ayniqsa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning sammitdagi nutqida ya’ni, madaniy-gumanitar aloqalar, xalqlarimiz o‘rtasidagi mustahkam do‘stlik va bir-birini o‘zaro to‘g‘ri tushunish SHHT mintaqasidagi tinchlik va keng qamrovli sheriklikning garovi, uzoq muddatli yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnomani amalga oshirish bo‘yicha kompleks rejalar, SHHT doirasida universitet rektorlari forumi, madaniyat va turizm kunlari, qo‘shma sport tadbirlari va universiadalar singari qo‘shimcha formatlarni ta’sis etish, madaniyatlararo muloqotning raqamli platformalarini ishga tushirish taklif etildi. Shuningdek, o‘zaro turistik oqimlarni ko‘paytirish, sayyohlik sohasida qo‘shma dasturlar va loyihalarni amalga oshirish muhimligi ko‘rsatib o‘tildi. Ushbu ustuvor yo‘nalishdagi hamkorlikni faollashtirish uchun davlatimiz rahbari kelgusi yilni SHHT makonida turizmni rivojlantirish yili, deb e’lon qilish takliflari halqaro ekspertlar tomonidan yuqori baholanmoqda.

Shanxay hamkorlik tashkiloti — mintaqaviy xavfsizlik va iqtisodiy hamkorlik tashkiloti bo‘lib, u 2001 yil 15 iyun kuni Xitoyning Shanxay shahrida 6 mamlakat — Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston va O‘zbekiston davlat rahbarlari uchrashuvida tuzilgan. “Shanxay beshligi” deb atalgan uyushma dastlab undagi chegaradosh mamlakatlar o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlash va qo‘shma chegarada qurolli kuchlar, qurol- yarog‘larni qisqartirish to‘g‘risida 2 ta bitim imzolangan edi.

Bugungi kunga kelib SHHT hamjamiyati — ulkan geografik makonni ya’ni, uch qit’ani — Osiyo, Yevropa va Afrikani qamrab olgan va sayyoramiz aholisining qariyb yarmini birlashtirgan. World Population review, Eurostat bergan ma’lumotiga ko‘ra 3 milliard 297 million aholini qamrab olgan, dunyodagi eng yirik yosh mintaqaviy tashkilotdir. Shuningdek, boshqa mamlakatlarning ushbu tuzilma bilan u yoki bu formatda o‘zaro hamkorlikka bo‘lgan qiziqishi tobora o‘sib bormoqda. SHHTga Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston, O‘zbekistondan, Hindiston, Pokiston davlatlari a’zo bo‘lib, kuzatuvchi davlatlar — Afg‘oniston, Belarus, Eron va Mo‘g‘uliston, hamkor davlatlar — Ozarbayjon, Armaniston, Kambodja, Nepal, Turkiya va Shri-Lanka hisoblanadi.

Samarqandda bo‘lib o‘tgan SHHTning navbatdagi sammitida 13 ta davlat rahbarlari va 10 dan ortiq xalqaro tashkilotlar yetakchilari ishtirok etdi. Ushbu sammit pandemiyadan so‘ng oflayn formatda o‘tkazilayotgan birinchi uchrashuv hisoblanadi. Aksariyat davlat rahbarlari 3 yil va undan ortiq yil davomida ilk bor yuzma-yuz uchrashishdi.

Shuni qayd etish lozimki, dunyoda SHHTning ahamiyati bugungi kunda ortib bormoqda. Bu haqida Belorussiya Respublikasining prezidenti Aleksandr Lukashenko: “Bugun butun dunyoda progressiv insoniyatning nigohi SHHTga qaratilgan. Ko‘plab davlatlar SHHT eshigini qoqmoqda. Demak, SHHTning hududiy tashkilotdan global tashkilotga aylanish vaqti keldi. Menimcha bu vaqtdan samarali foydalanish kerak”, — dedi. Chunki SHHT harbiy blok emas, aksincha iqtisodiy blok hisoblanadi, uning vazifasi davlatlar o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash va xavfsizlikni ta’minlashdan iborat.

 

Iqtisodiy hamkorlik borasida oldinda transport infratuzilmasini rivojlantirish, tabiiy, mineral xom ashyo zaxiralarini o‘zlashtirish, suv energetika zaxiralaridan unumli foydalanish, ekologiyaga oid va boshqa masalalar bor.

Aytish kerakki, O‘zbekiston SHHTning rivojlanishiga o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda. 2004 yilda Toshkentda bo‘lib o‘tgan sammit doirasida qator muhim hujjatlar imzolangan edi. Ular qatoriga: Toshkent deklaratsiyasi, SHHTning vakolatlari va immunitetlari to‘g‘risidagi konvensiya, Narkotik vositalar va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashda hamkorlik to‘g‘risidagi bitim, tashkilot va uning organlari faoliyatiga doir hujjatlar kiradi.

Bu yilgi Samarqandda bo‘lib o‘tgan sammit doirasida ham muhim qarorlar qabul qilindi va kelgusida a’zo davlatlar o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish borasida takliflar berildi. Jami 44 ta hujjat — bitim, konsepsiya, dasturlar va boshqa qarorlar qabul qilindi. Bu tashkilot tarixida rekord ko‘rsatkichdir. Shular qatori, Eronning tashkilotga to‘laqonli a’zo sifatidagi majburiyatlari to‘g‘risidagi Memorandum imzolandi, Belarusga SHHT to‘laqonli a’zosi maqomini berish tartibini boshlash to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Bundan tashqari, Misr va Qatarga SHHTning muloqot bo‘yicha hamkori maqomi berildi. Bahrayn Podshohligi, Kuvayt, Maldiv, Birlashgan Arab Amirliklari va Myanmaga — muloqot bo‘yicha sheriklar maqomini berish jarayonlari ham boshlandi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev sammitdagi nutqida “O‘zbekiston sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish va o‘zaro savdoni rag‘batlantirish maqsadida SHHT mamlakatlari Maxsus iqtisodiy zonalari alyansini tuzish tarafdori” ekanligini, iqtisodiyot, savdo va investitsiya sohasidagi hamkorlikning amaliy ta’sirchanligini oshirish g‘oyat muhim ekanini qayd etdi. O‘zbekiston SHHT mamlakatlari iqtisodiyotlarining bir-birini o‘zaro to‘ldirib borishdagi afzalliklarini hisobga olgan holda, mavjud salohiyatni maksimal darajada oshirishdan manfaatdor. Shu munosabat bilan Mirziyoyev SHHTning yangi iqtisodiy muloqotini boshlash asosida sanoat va texnologik hamkorlikning umumiy makonini shakllantirishni taklif etdi. Mamlakatlarimiz o‘rtasida keng ko‘lamli iqtisodiy hamkorlikni ta’minlash va amaliy hamjihatlikning aniq natijalariga erishish masalasida O‘zbekistonda SHHT mintaqalarining biznes sherikligi haftaligini o‘tkazish taklifi ilgari surildi. Bundan tashqari, Mirziyoyev har yili SHHT yirik savdo yarmarkasini o‘tkazish, uning asosida yagona elektron platforma yaratishni taklif etdi.

O‘zbekiston Prezidenti Mirziyoyev kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish uchun qo‘shma platformani yaratish, Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatilishi va uning ijtimoiy-iqtisodiy tiklanishiga ko‘maklashish, bu boradagi ishlarni muvofiqlashtirishni kuchaytirish takliflarini berdi.

Bundan tashqari, “Biz xavfsizlikning yaxlitlik tamoyiliga qat’iy rioya qilamiz. SHHTning faoliyati keng hamkorlikka yo‘naltirilgan bo‘lishi lozim. Markaziy Osiyo SHHTning “geografik yadrosi” maqomini saqlab qolishi kerakligiga ham ishonchimiz komil”, — dedi O‘zbekiston Prezidenti va hamkorlikni faollashtirish uchun kelgusi yilni “SHHT makonida turizmni rivojlantirish yili” hamda Varanasi shahrini (Hindiston) 2022-2023 yillarda SHHTning turizm va madaniy poytaxti, deb e’lon qilishni taklif etdi.

Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida: “Shuningdek, ko‘p jihatdan allaqachon zamonaviy hayotni belgilayotgan xavfsiz axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish masalalariga ham e’tibor qaratishni istar edim”, — deb ta’kidlab o‘tdi. Aytish lozimki, O‘zbekistonda “Raqamli O‘zbekiston — 2030” strategiyasi qabul qilindi. Ushbu keng ko‘lamli tashabbusni amalga oshirish doirasida respublika sog‘liqni saqlash sohasini takomillashtirishga yondashuvlar tubdan o‘zgartirish ko‘zda tutilgan. Sog‘liqni saqlash tizimini axborotlashtirish ko‘p qirrali tizimni shakllantirish jarayoni bo‘lib, axborotni to‘plash va jamlash, uni uzatish, integratsiyalash hamda soha faoliyati to‘g‘risidagi ma’lumotlar va bilimlardan samarali foydalanishni o‘z ichiga oladi.

Prezident Sh.M.Mirziyoyevning 2021 yil 23 fevralda imzolanagan “Sog‘liqni saqlash sohasida raqamlashtirish ishlarini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan “Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi” davlat unitar korxonasi negizida Sog‘liqni saqlash vazirligi muassisligida “IT-Med” mas’uliyati cheklangan jamiyatini tashkil etish rejalashtirilgan.

Yangi muassasa shifoxonalar, poliklinikalar va boshqa tibbiyot muassasalari uchun axborot tizimlarini ishlab chiqadi. Shuningdek, unga sog‘liqni saqlash tizimi va tashkilotlarida jarayonlarni optimallashtirish, ratsionalizatsiya qilish, standartlashtirish va avtomatlashtirish, tibbiyot va farmatsevtika sohasida texnik-iqtisodiy parametrlar, konsepsiyalarni ishlab chiqish, axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari siyosati va standartlarini joriy etish va amalga oshirish vazifalari yuklangan. “Elektron sog‘liqni saqlash” axborot tizimlarining yagona kompleksini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, ularning boshqa davlat organlarining axborot tizimlari bilan integratsiyalashuvini ta’minlash va boshqalar kiradi.

Xulosa sifatida aytadigan bo‘lsak, mamlakatimizda bo‘lib o‘tgan ushbu Samarqand sammiti va O‘zbekiston Prezidenti tomonidan berilgan takliflar xalqaro hamjamiyat maydonida Shanxay hamkorlik tashkilotining dunyodagi ahamiyatini yanada ortishiga xizmat qiladi.

 

Alisher SHADMANOVToshkent tibbiyot akademiyasi rektori

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan