Hindiston bilan tibbiyot sohasidagi o‘zaro hamkorlik tobora rivojlanmoqda

Hindiston bilan tibbiyot sohasidagi o‘zaro hamkorlik tobora rivojlanmoqda

So‘nggi yillarda sog‘liqni saqlash sohasida Hindiston bilan ham o‘zaro hamkorlik borasidagi sezilarli muvaffaqiyatlar ko‘zga tashlanayotir, deb xabar bermoqda  «Dunyo» AA muxbiri. Mamlakatimiz hududida Hindistondagi yetakchi shifoxonalar filiallarining ochilishi bu boradagi ijobiy natijalarga yaqqol misol bo‘la oladi. Darhaqiqat, tibbiy taʼlim sohasidagi hamkorlik ham o‘zaro aloqalarning surʼatiga mos ravishda jadal rivojlanib bormoqda. Hindistonlik talabalarning mamlakatimiz tibbiy taʼlim muassasalarida tahsil olishayotgani respublikamizdagi taʼlim sifati ilg‘or davlatlar taʼlim andozalari darajasiga mos ekanligini ko‘rsatadi. O‘zbekiston tibbiy taʼlim muassasalari xorijiy dalatlar bilan hamkorlikni tobora kengaytirish borasida samarali ishlarni olib borayotgani sog‘liqni saqlash sohasini yangi bosqichga olib chiqish hamda  taʼlim darajasi nufuzining yana-da yuksalishiga zamin yaratmoqda. Bu boradagi ishlarning uzviy davomi sifatida joriy yil 16-fevral kuni Hindistonning «Neo Institute of Medical Science and Technology» kompaniyasi bilan hamkorlikda Telangana shtatining Haydarobod shahrida Toshkent tibbiyot akademiyasining rasmiy vakolatxonasi ochildi. Uning ochilishi marosimida Toshkent Tibbiyot akademiyasi rektori professor A.Shodmonov, akademiyaning Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i M.Jafarov, mamlakatimizning Dehlidagi elchixonasi vakillari, «Neo Institute of Medical Science and Technology» kompaniyasi rahbari Divya Raj, hindistonlik talabalar va ularning ota-onalari ishtirok etishdi. Marosim chog‘ida mehmonlarga Toshkent tibbiyot akademiyasining faoliyati, taʼlim sohasidagi innovatsiyalar, erishilayotgan muvaffaqiyatlar va istiqboldagi rejalar to‘g‘risidagi batafsil maʼlumotlar o‘rtoqlashildi. Yangi ochilgan vakolatxona sog‘liqni saqlash, tibbiy taʼlim, taʼlim muassasalarida talabalar uchun yaratilgan sharoitlar va boshqa sohalarda respublikamizda amalga oshirilayotgan islohotlarni xorijiy  jamoatchilik orasida keng targ‘ib qilish hamda hindistonlik yoshlarni Toshkent tibbiyot akademiyasida o‘qishga jalb etish, akademiya va Hindistonning yetakchi shifoxonalari o‘rtasida o‘zaro hamkorlik aloqalarini o‘rnatish, Hindistonning tibbiyot sohasidagi ilg‘or tajribasini o‘rganish va ularni akademiya faoliyatida tadbiq qilish kabi vazifalar ijrosiga xizmat qiladi. Shu bilan birga, O‘zbekiston delegatsiyasining Hindistonga safari davomida Toshkent tibbiyot akademiyasi  va Haydarobod shahridagi «Sri Sri Holistic» shifoxonasi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi O‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi. Ushbu hujjat  «Sri Sri Holistic» shifoxonasi negizida Toshkent tibbiyot akademiyasi professor-o‘qituvchilari va talabalarining o‘quv dasturi doirasida Hindistonda amaliyot o‘tashi va shifokorlar uchun malaka oshirish kurslarini tashkil etish imkonini ham beradi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan