“Aholining ruhiy salomatligini muhofaza qilish xizmatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi Prezident qarori (PQ–196-son, 19.06.2023-y.) qabul qilindi.
Qarorga koʻra, aholi ruhiy salomatligini muhofaza qilish xizmatini tubdan takomillashtirish maqsadida, jumladan:
— ixtisoslashtirilgan psixiatriya va narkologiya yordamini koʻrsatishning yagona vertikal boshqaruv tizimi joriy etiladi;
— birlamchi boʻgʻin tibbiyot muassasalariga ruhiy salomatlikni muhofaza qilish xizmatlari integratsiya qilinadi;
— ruhiy holati buzilgan shaxslar dori vositalari bilan ehtiyojga koʻra toʻliq taʼminlanadi;
— aholi, ayniqsa, bolalar va oʻsmir yoshlarning ruhiy salomatligi mustahkamlanadi.
2023-yil 1-iyuldan Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Respublika ixtisoslashtirilgan ruhiy salomatlik ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga aylantiriladi.
2023-yil 1-avgustdan quyidagilar joriy etiladi:
— tuman (shahar) koʻp tarmoqli markaziy poliklinikalarida – tibbiy psixolog;
— statsionar oʻringa ega boʻlmagan ruhiy-asab kasalliklari dispanserlari va tarkibida dispanser mavjud boʻlgan ruhiy kasalliklar shifoxonalarida – suitsidolog;
— statsionar oʻringa ega boʻlgan ruhiy-asab kasalliklari dispanserlari va ruhiy kasalliklar shifoxonalarida – qabul boʻlimi shifokori, navbatchi psixiatr, tibbiy psixolog yoki psixoterapevt shtatlari.
2023/2024 oʻquv yilidan “Psixiatriya”, “Tibbiy psixologiya” va “Narkologiya” klinik ordinatura va magistratura mutaxassisliklariga qabul faqat davlat granti asosida umumiy qabul parametrlari doirasida amalga oshiriladi.
2023-yil 1-iyuldan tuman (shahar) koʻp tarmoqli markaziy poliklinikalaridagi psixiatr hamda psixiatriya davolash muassasalaridagi psixiatr, tibbiy psixolog, psixoterapevt hamda suitsidologlarning lavozim maoshiga ustama miqdori 25 foizdan 50 foizga oshiriladi.