Xalqaro anjuman ona va bola salomatligiga bagʼishlandi

Xalqaro anjuman ona va bola salomatligiga bagʼishlandi

Аnjuman dolzarb masalaga bagʼishlangan. Chunki mamlakatimizda onalik va bolalikni muhofaza qilish davlat siyosatining muhim yoʼnalishlaridan biri etib belgilangan. Ona va bola salomatligini muhofaza qilish borasida qator ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, sogʼliqni saqlash tizimining birlamchi boʼgʼinida onalar va bolalar kasalliklari profilaktikasi, ularni barvaqt aniqlash va sogʼlomlashtirish dasturlari amaliyotga joriy etilmoqda. Sogʼlom farzand tugʼilishi, rivojlanishi va tarbiyasi masalalari boʼyicha tushuntirish ishlari kuchaytirilyapti.

Bolalar, homilador hamda emizikli ayollar vitamin va minerallar bilan bepul taʼminlanib, maqsadli skrining tadbirlari orqali kasalliklarning samarali profilaktikasini olib borilmoqda. Muhimi, erishilgan yutuqlar bilan cheklanib qolinmayapti. Bolalarga xizmat koʼrsatishda uchrayotgan kamchilik va muammolar aniqlanib, ularni bartaraf etish boʼyicha keng koʼlamli ishlar bajarilmoqda.

Konferentsiyadagi maʼruzalar davomida Oʼzbekistonda islohotlar bosqichida bolalarga tibbiy yordam koʼrsatish sifatini oshirishda hal etiladigan masalalar, pediatriya xizmatini yanada rivojlantirish, pediatriya rivojida xalqaro hamkorlik ahamiyati xususida soʼz boradi.

Shuningdek, bolalarga koʼrsatilayotgan birlamchi tibbiy-sanitariya yordami, perinatal tibbiyot, genetik va immunitet tanqisligi kasalliklari boʼlgan bolalarni tashxislash, davolash, reabilitatsiya qilish hamda jismoniy va psixosotsial rivojlanishdan orqada qolgan yoki buning xavfi bor bolalarga erta yordam berish masalalari muhokama qilinadi.

Qolaversa, bolalarning jismoniy rivojlanishi, ularni koʼkrak suti bilan boqish va toʼgʼri ovqatlantirish hamda mikronutrient yetishmovchiligining oldini olish va bartaraf etishga doir masalalar kun tartibida boʼladi.

Toshkent tibbiyot akademiyasi va respublikadagi laborator-instrumental imkoniyatlar va ulardan foydalanish masalalari, sogʼlom hayot tarzi, bolalar va oʼsmirlar reproduktiv salomatligi, bolalar kasalliklarining oldini olish, bolalar salomatligini saqlash va mustahkamlash masalalarini koʼrilishi rejalashtirilgan. Bularning barchasi pediatriya sohasining dolzarb masalalaridir, deyiladi akademiya axborot xizmati xabarida.

Xalqaro anjuman ona va bola salomatligiga bagʼishlandi Xalqaro anjuman ona va bola salomatligiga bagʼishlandi

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan