Bugun muhtasham A.Navoiy nomli kino saroyidaToshkent tibbiyot akademiyasiga 1-bosqichga qabul qilingan talabalarning qasamyodiga bag‘ishlangan “Talabalikka bag‘ishlov” tantanali tadbiri o’tkazildi. Mazkur bayram shodiyonasiga O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Fan-ta’lim va innovatsiyalar boshqarmasi boshlig’i O’ktam Ismailov, Toshkent tibbiyot akademiyasi rektori v.v.b Shuhrat Boymuradov, TTAga qabul qilingan 2000 ga yaqin nafar birinchi kurs talabalari hamda professor-o‘qituvchilari ishtirok etdilar. Bayram tadbiri boshlanishi oldidan O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi yangradi. Shundan so’ng yig‘ilganlar e’tiboriga Yangi O’zbekiston tibbiyotining rivojlanishi, TTA faoliyati to‘g‘risidagi filmlar, iqtidorli talabalarning yutuqlari ifodalangan videoroliklar namoyish etildi. Dastavval tibbiyot asoschilari bo‘lgan Aflotun, Gippokrat, Abu Rayxon Beruniy, Abu Ali Ibn Sino, Ar-Roziy ishtirokida teatrlashgan sahna ko‘rinishi namoyish etildi. Shifokorlik sirini saqlab, to umrlarini oxiriga qadar shifokorlik san’ati va qasamyodiga sodiq qolishga, Ma’mun akademiyasini an’analarini davom ettirishga, ularning davomchisi sifatida ijodiy mehnatlarini inson xayotini asrab qolishdek buyuk vazifani adolatli bajarishingizga qaratilgan o‘g‘itlari nasihatlarini in’om etdilar va TTAga eng yuqori ballar bilan o‘qishga tavsiya etilgan a’lochi talabalarga “Qasamyod varog‘i”, “TTAning ramziy belgisi”, “Tib qonunulari kitobi”, “Kasallik tarixi bayonnomasi”ni topshirdilar. Shundan so’ng talabalar talabalik qasamyodini qabul qilishdi. Bu yil ham akademiya talabalari safiga qoʻshilgan 2000 ga yaqin oʻgʻil-qiz oʻz qasamyodi orqali teran bilim olib, shifokorlik kasbini mukammal egallash va kelgusida xalqimizga vijdonan xizmat qilishni dillariga tukkan boʻlsa, ajab emas.