10-12 mart kunlari Parij (Fransiya) shahrida I Oʻzbekiston-Fransiya tibbiyot forumi boʻlib oʻtmoqda. Mazkur forumda Toshkent tibbiyot akademiyasi rektori v.v.b Shuhrat Boymuradov ishtirok etmoqda.
Forum doirasida onkologiya, tez tibbiy yordam va oliy tibbiy ta’limda malakali kadrlar tayyorlash masalalari muhokama qilinib, istiqbolli kelishuvlarga erishildi.
Tibbiy ta’limda kadrlar tayyorlash sessiyasida Shuhrat Boymuradov ma’ruza bilan ishtirok etdi va muhokamalar oʻtkazildi.
Tadbir yakunida Fransiyaning Oliy tibbiy psiximotor reabilitatsiya instituti bilan hamkorlik shartnomalari imzolandi.
Ushbu hamkorlik doirasida magistratura mutaxassislarini tayyorlash, malaka oshirish hamda professor va mutaxassislarni Toshkent tibbiyot akademiyasiga jalb etish rejalashtirildi.
Forumning ikkinchi qismida Oʻzbekiston sogʻliqni saqlash vaziri Asilbek Xudayarov boshchiligidagi delegatsiya Parijning eng yirik shifoxonalaridan biri – “Hôpital Foch” klinikasiga tashrif buyurdi.
700 oʻrinli ushbu shifoxona onkologiya, bolalar onkologiyasi, gematologiya va patologik kasalliklarni hujayra darajasida target terapiya orqali davolash boʻyicha yetakchi muassasalardan biri hisoblanadi.
Tashrif davomida shifoxona faoliyati bilan yaqindan tanishildi hamda kelajakda kadrlar tayyorlash va tajriba almashish boʻyicha hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Mazkur forum tibbiyot sohasida xalqaro tajriba almashish va innovatsion yondashuvlarni tatbiq etish uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qiladi.