Hayotni ilmiy tafakkur bilan yashayotgan olim

Asrimiz olimlari:

Quddus Ilhamovich: Siz bu olimni taniysiz. Nuroniy chehrasidan kamtarlik fazilati bilinib turadigan professorimizning muborak nomi bir asrdan ziyod tarixga ega Toshkent tibbiyot akademiyasi nomi bilan chambarchas bog‘liq. Zabardas o‘zbek olimi, ZUFAROV maktabining davomchisi bo‘lgan Quddus Ilhomovich tibbiyotdagi muhim ilmiy yo‘nalishlardan biri-oshqozon va ichak shilliq qavatining funksional morfologiyasi hamda yara kasalligidagi moslashuvchan o‘zgarishlarni o‘rganadigan murakkab va dolzarb sohaga hayoti va faoliyatini bag‘ishlagan olimdir. Quddus Ilhamovich o‘zining ilmiy izlanishlari bilan tibbiyot fani taraqqiyotiga katta hissa qo‘shdi.

Uning tadqiqot mavzuci – «Oshqozon va ichak shilliq qavatining funksional morfologiyasi hamda yara kasalligida uning moslashuvchan o‘zgarishlarining xususiyatlari» – bugungi tibbiyotdagi eng muhim va qiziqarli yo‘nalishlardan biri bo‘lib, nafaqat ilmiy ahamiyatga, balki inson hayoti uchun beqiyos amaliy qiymatga ham ega.

Tasavvur qiling: ovqat hazm qilish tizimidagi har bir hujayra hayotimizning manbai – energiya va quvvatni ta’minlash uchun uzluksiz ishlaydi. Ushbu tizimning asosiy himoya va so‘ruvchi qatlami bo‘lgan shilliq qavat nafaqat ozuqa moddalarini so‘rib olish, balki organizmni tashqi zararli ta’sirlardan muhofaza qilish vazifasini ham bajaradi.

Afsuski, yara kasalligi – jahon bo‘ylab millionlab insonlarni ranjitayotgan murakkab xastalik hisoblanadi. Quddus Ilhamovich ushbu kasallikning kelib chiqish sabablari, rivojlanish mexanizmlari va shilliq qavatdagi moslashuvchan o‘zgarishlarni ilmiy asosda o‘rganishga kirishib, uzoq yillar davomida bu muammoning yechimini izladi. Bugun Quddus Ilhomovichning tavallud kuni munosabati bilan Toshkent davlat tibbiyot universiteti professori, Feruza Azizova Xusanovnadan quyidagi intervyuni oldik.

«-Ustoz… Bu so‘z men uchun bir insonga berilgan maqom emas, balki butun hayot falsafasini, yaxshilikka boshlovchi nurli yo‘lni anglatadi. U – shunchaki bilim beruvchi emas, balki shogird qalbiga yo‘l topa bilgan, uni inson sifatida tarbiyalagan, butun vujudi bilan ibratli hayot kechirgan mo‘tabar zotdir.

U shogirdlarga nafaqat ma’lum bir fan sirlarini o‘rgatadi, balki ularning hayotda qanday inson bo‘lishi lozimligini o‘zining shaxsiy namunasi bilan anglatadi. Bu insondagi mehr, samimiyat, ilmiy poklik va shijoat har bir talabaning qalbida mustahkam iz qoldiradi.

Har gal ustozimning auditoriyaga kirib kelishlarini kuzatganimda, ko‘nglimda bolalikdan meros bo‘lgan ajib tuyg‘u jonlanadi. Yoshlari katta bo‘lsa-da, hanuz talabalar bilan ilmiy bahslarda faol qatnashishlari, har bir ma’ruzalarida chuqur bilim va tafakkur mujassamligi ustozning pedagogik mahoratiga dalildir. Oliygohda o‘tkazayotgan har bir darslari – go‘yo katta hayot maktabiga teng. Bu kamtar, xokisor inson bilan suhbatlashsangiz, fan olamidagi yangi qirralarni kashf etgandek taassurotlarga boy bo‘lasiz.

Shogirdlari orasida ustozning nufuzi juda baland. Bu nufuz faqatgina ilm-fan sohasidagi yutuqlar bilan emas, balki insoniy fazilatlari – sadoqat, kamtarlik va har bir talabaga individual yondashuv orqali ta’minlangan. Asil olimni tanish mushkul emas: u qalblarga nur sochadi, faqat bilim bilan emas, qalb bilan o‘rgatadi.

Men uchun professor Quddus Ilhamovich Rasulev — bu nafaqat yuksak ilmiy maqomga ega inson, balki butun hayotini fanga, talaba va shogirdlarga bag‘ishlagan chinakam murabbiy va insonparvar ustoz timsolidir.

Bugun ustozimiz Quddus Ilhamovichning 80 yillik yubileyini nishonlar ekanmiz, qalbimda faxr va chuqur minnatdorlik tuyg‘ulari jo‘sh urmoqda. U zotning hayot yo‘liga nazar solar ekanmiz, nafaqat taniqli gistolog olimni, balki mehribon ustoz, pokviҷdon inson, halol mehnat timsolini ko‘ramiz. Har bir uchrashuv, har bir dars – bu ilm, insonparvarlik va vijdon haqidagi o‘ziga xos darsdir.

Ustoz 60 yildan ortiq umrlarini ilm va ta’limga bag‘ishlab, minglab shogirdlarni yetishtirdilar. Har bir shogirdga individual yondashish, ularni yuqori maqsadlarga ruhlantirish, ezgulikka boshlash — bu inson yuragida qanday mehr va fidoyilik yashirin ekanligini anglatadi.

Men baxtliman – chunki ana shunday buyuk olimning shogirdiman.

Darslarda, ilmiy seminar va suhbatlarda ustozimizning har bir so‘zi, hayotdan olingan misollari biz uchun bebaho maktabdir. Ayniqsa, ustozimiz o‘z ustozi – akademik Komiljon Ahmadjonovich Zufarov yo‘lini qanday sharaf bilan davom ettirayotganini, qalblarida qanday muhabbat va sadoqat bilan asrab kelayotganini gapirganlarida, ko‘zlarida porlagan ilhomni ko‘rib, men ham ilmiy yo‘ldagi mas’uliyatni his qilaman.

Professor Rasulev tashabbusi bilan 2022 yilda Toshkent tibbiyot akademiyasida Komiljon Ahmadjonovich Zufarov nomidagi stipendiya ta’sis etildi. Ushbu stipendiya ilmga chanqoq, iqtidorli talabalarni rag‘batlantirish va buyuk ustozning ilmiy merosini davom ettirish maqsadida joriy qilingan. Shu bilan birga, ta’limda yuqori ko‘rsatkichlarga erishgan va ilmiy faoliyatda muvaffaqiyat qozongan talabalarga Komiljon Ahmadjonovich Zufarov nomidagi medal topshirilmoqda.

Mazkur sa’y-harakatlarda professor Quddus Ilhomovichning hissasi alohida qayd etishga loyiq. U kishi Zufarov ilmiy maktabining faol va sadoqatli davomchisi sifatida talabalarni ilmiy izlanishga undab, ustoz xotirasini ulug‘lash yo‘lida amaliy ishlar qilmoqda. Aynan shunday shogirdlar tufayli Zufarov maktabi bugun ham kun sayin takomillashib, zamonaviy tibbiyot ilmida o‘zining munosib o‘rnini saqlab kelmoqda.

Ustozning hayot yo‘li – fidoyilik, halollik, matonat va ezgulik namunasidir. Bugun u kishining shogirdlari nafaqat O‘zbekistonda, balki dunyodagi nufuzli ilmiy markazlarda faoliyat ko‘rsatmoqdalar. Bu — Quddus Ilhamovich Rasulev yaratgan ilmiy maktabning samarasidir.

Hozirgi kunda olib borilayotgan tadqiqotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, shilliq qavatning mikroskopik tuzilishi va uni tashkil qiluvchi hujayralar o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni chuqur anglash, yara kasalligini erta aniqlash va samarali davolash muhim ahamiyat kasb etadi. Yallig‘lanish, kislotali muhit va boshqa agressiv omillarga qarshi shilliq qavatning moslashuvchanligi haqidagi ma’lumotlar kelgusidagi muvaffaqiyatli profilaktika va terapiya imkoniyatlarini ochib bermoqda.

Men ishonamanki, Qudlus Ilhamovich boshlagan va bugun davom ettirayotgan ilmiy izlanishlar natijalari nafaqat bemorlar hayotini yaxshilaydi, balki ovqat hazm qilish tizimining sog‘lom faoliyatini ta’minlash orqali butun jamiyat farovonligiga hissa qo‘shadi.

Bu yo‘nalishning ahamiyati shunchalik yuqoriki, uni chuqur o‘rganish va keng jamoatchilikka yetkazish – har bir ilm ahli va ommaviy axborot vositalari xodimining sharafli burchidir.

Yana shuni faxr bilan aytamanki, biz ustozimdan nafaqat ilmni, balki sabr, halollik, sadoqat va vatanparvarlikni ham o‘rgandik. Quddus Ilhamovichdek kamtarin olim bilan birga faoliyat olib borish, xanuzgacha uning benazir hayot maktabidan saboq olish – biz uchun ulug‘ ne’mat, katta sharafdir.

Yubiley yozingiz muborak bo‘lsin, aziz ustoz! Sizga bardavom sihat-salomatlik, barakali umr va hali uzoq yillar davomida shogirdlaringizga ilmiy yo‘l ko‘rsatib borishingizni tilaymiz. Sizning nomingiz doimo ehtirom bilan tilga olinadi, ilmiy merosingiz esa kelajak avlodlar uchun ilhom manbai bo‘lib qolaveradi».

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan