Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining sport majmuasida Oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida “Jismoniy tayyorgarlik darajasi” sport sinovlariga start berish marosimi tantanali tarzda bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbir O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va jismoniy faollikni oshirish maqsadida tashkil etildi.
Tadbirda Toshkent shahrida joylashgan barcha oliy ta’lim muassasalari (davlat, nodavlat va xorijiy) rektorlari shaxsan Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining sport majmuasida ishtirok etdilar. Shu bilan birga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardagi oliy ta’lim muassasalari rahbarlari videokonferensiya aloqa orqali, maxsus tashkil etilgan markazlashtirilgan studiyalar orqali marosimga ulanib, bevosita ishtirok etishdi.
Tadbirda Toshkent davlat tibbiyot universiteti rahbariyati va talaba-yoshlari ham Zoom platformasi orqali faol ishtirok etib, sport sinovlarining mazmuni va ahamiyati yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.
Ushbu tashabbus mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalarida sog‘lom turmush tarzini yanada keng targ‘ib qilish, yoshlar orasida sport va jismoniy tarbiyani ommalashtirishga xizmat qilmoqda.