TDTU professori Nurxon Muhamedovaning ilmiy va pedagogik faoliyatiga bir nazar.

TDTU professori Nurxon Muhamedovaning ilmiy va pedagogik faoliyatiga bir nazar.

Bugungi kunda metabolik sindrom butun dunyo miqyosida tibbiyot fanining eng dolzarb muammolaridan biri sifatida eʼtirof etilmoqda.

Butunjahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (BJSST) maʼlumotlariga koʻra, ushbu sindrom tarqalish surʼati va oʻlim holatlari boʻyicha yuqori koʻrsatkichlarga ega global tibbiy-ijtimoiy muammo hisoblanadi.

Ayniqsa, ayollarda menopauzadan oldingi va keyingi davrlarda metabolik sindromni aniqlash, klinik belgilari va diagnostika mezonlarini chuqur oʻrganish, differensial yondashuv asosida davolash yoʻllarini topish bugungi tibbiyot fanining ustuvor yoʻnalishlaridandir.

Shu yoʻnalishda faoliyat yuritayotgan ustozimiz – professor, tibbiyot fanlari doktori Nurxon Halimovna Muhamedova olib borgan ilmiy izlanishlari bilan zamonaviy tibbiyot fanining rivojiga ulkan hissa qoʻshmoqda.

U kishi tomonidan himoya qilingan “Ayollarda menopauzadan oldingi va keyingi davrda metabolik sindrom tashxisiga differensial yondashuv” mavzusidagi doktorlik (DSc) dissertatsiyasi hozirda nafaqat dolzarb, balki bevosita amaliyotda qoʻllanilayotgan ilmiy ishlanmalardan biridir.

Dunyo miqyosida ortiqcha vazn va semizlik holatlari global epidemiyaga aylangan bir davrda, professor Muhamedovaning ilmiy qarashlari va izlanishlari nafaqat nazariy, balki amaliy ahamiyatga ham ega. “Xalqaro abdominial semizlikni baholash kuni” doirasida olib borilgan tadqiqotlar shuni koʻrsatdiki, 18 yoshdan 60 yoshgacha boʻlgan insonlarning 24 foizi erkaklar, 27 foizi ayollar semizlikdan (BMI > 30), yana 40 foizi erkaklar va 30 foizi ayollar ortiqcha vazndan (BMI 25–30) aziyat chekmoqda.

Taxminlarga koʻra, 2026-yilga borib bu koʻrsatkichlar ikki baravar oshadi. Shunday ogʻir sharoitda metabolik sindromga olib keluvchi neyrogumoral, vegetativ va yalligʻlanish omillarini chuqur oʻrganish hamda ularga qarshi samarali differensial terapiya yondashuvlarini ishlab chiqish – bugungi tibbiyotning asosiy yoʻnalishlaridan biri sanaladi.

Ustozimiz Muhamedova Nurxon Halimovna aynan mana shu dolzarb masalalarga ilmiy asoslangan, chuqur, amaliy yechimlar taklif etgan olimalardan biridir.

U kishi 100 dan ortiq ilmiy maqola va tezislar, 4 ta darslik, 4 ta uslubiy tavsiyanoma, 3 ta monografiya, bir nechta ixtirolar patenti va 10 ga yaqin DGU/BGUlar uchun yaratilgan oʻquv dasturlari muallifi. Bundan tashqari, 30 dan ortiq oʻquv-uslubiy qoʻllanmalar bilan tibbiyot ilmiga munosib hissa qoʻshib kelmoqda.

Muhamedova Nurxon Halimovna nafaqat mustahkam ilmiy asosga, balki talabaga tushunarli va hayotiy metodikaga ham ega boʻlgan ustoz. Uning darslari doimo qiziqarli, dolzarb, amaliy bilimga boy boʻlib, talabalar tomonidan intiq kutiladi. Har bir mashgʻulotda u nafaqat tibbiy bilim, balki hayotiy saboq, insoniylik va kasbiy axloq-odobni ham oʻrgatadi.

Ustozimiz xalqaro va respublika miqyosidagi ilmiy jurnallarda faol muharrirlik qiladi, yoshlarning qalbida ilmga boʻlgan qiziqishni uygʻotib, ularni tibbiyotga mehr bilan yoʻnaltiradi.

Ustozimiz 20 dan ortiq bakalavr talabalariga, 10 nafar magistrantga va 2 nafar fan nomzodiga ilmiy rahbarlik qilgan. Shogirdlari Talabalar ilmiy jamiyatining koʻrik tanlovlarida, respublika va xalqaro fan olimpiadalarida faol ishtirok etib kelmoqda.

TDTU professori Nurxon Muhamedovaning ilmiy va pedagogik faoliyatiga bir nazar. TDTU professori Nurxon Muhamedovaning ilmiy va pedagogik faoliyatiga bir nazar.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan