Yurtimizda O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyev tashabbuslari bilan sog’liqni saqlash tizimini keng qamrovli izchil islohotlari o’tkazilmoqda. Bu islohotlar aholi salomatligini saqlash, jismonan va ruhan sog’lom avlod tarbiyalashga qaratilgan. Sog’liqni saqlash tizimining barcha bo’g’inlarida muhim o’zgarishlar yuz bermoqda. Birlamchi bo’ginda, shuningdek ixtisoslashtirilgan markazlarda ham yangi texnologiyalar joriy qilinmoqda, jahon ilm-fan va tibbiyot yutuqlari keng qo’llanilmoqda.
Psixiatriya va narkologiya xizmatini tashkillashtirish sohasida ijobiy o’zgarishlarga erishildi va O’zbekiston Respublikasi Prezidentining PF-5590 sonli “O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash tizimini tubdan takomillashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga ko’ra “…tibbiy yordamning samaradorligi, sifati va ommabopligini oshirish, shuningdek, tibbiy standartlashtirish tizimini shakllantirish, tashxis qo‘yish va davolashning yuqori texnologik usullarini joriy etish, patronaj xizmati va dispanserizatsiyaning samarali modellarini yaratish orqali sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va kasalliklarni profilaktika qilish…” vazifalari belgilangan. 2019 yil 13 fevralda qabul qilingan PQ-4190 sonli “2019 — 2025-yillarda O‘zbekiston Respublikasi aholisining ruhiy salomatligini muhofaza qilish xizmatini rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorining vazifalaridan biri bo’lib Respublika psixiatriya tashkilotlarida ruhiy va xulq-atvor buzilishlarini davolashda innovatsion diagnostik va davolash-reabilitatsion texnologiyalarni tatbiq qilish hisoblanadi. 2019 yil 3 oktabrdagi Vazirlar Mahkamasining 842 sonli “O‘zbekiston Respublikasi aholisiga narkologik yordam ko‘rsatish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida narkologik bemorlarga ixtisoslashtirilgan davolash va ijtimoiy-psixologik yordam ko’rsatishni takomillashtirish ko’zda tutilgan.
Prezident va Hukumatning farmon va qarorlarini ijrosini amalga oshirish maqsadida Toshkent tibbiyot akademiyasi tomonidan O’zbekiston Respublikasi Sog’liqni saqlash vazirligi, Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, Samarqand davlat tibbiyot universiteti va O’zbekiston psixiatrlar assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda xalqaro ishtirokchilar bilan ilmiy-ma’rifiy loyiha – Yosh psixiatr va narkologlar I bahorgi Samarqand maktabi tashkillashtirildi. Bu ilmiy-ma’rifiy loyiha Xalqaro Psixiatrlar Assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda o’tkazilmoqda. Ta’kidlash joizki, bu shakldagi tadbir O’zbekistonda ilk marotaba o’tkazilmoqda. To’rt kun davomida ruhiy salomatlik sohasida yetakchi olimlar tomonidan ma’ruzalar bo’lib o’tadi. Buyuk Britaniya, AQSH, Yaponiya, Vengriya, Hindiston, Rossiya, Belorus, Qozoqiston, Qirg’iziston kabi yaqin va uzoq xorijiy davlatlar va O’zbekistonning yirik olimlari rahbarligi va ishtirokida seminarlar, doira stol va satellit simpoziumlar o’tkazilishi ko’zda tutilgan. Tadbir an’anaviy va onlayn formatda o’tkaziladi.
Yosh psixiatr va narkologlar I bahorgi Samarqand maktabida tinglovchi sifatida nafaqat O’zbekistondan, balki MDH davlatlaridan ham psixiatriya va narkologiya sohasidagi mutaxassislar ishtirok etadi. Ilmiy-ma’rifiy loyihaning asosiy vazifalari bo’lib: mutaxassislarning ruhiy va xulq-atvor buzilishlar diagnostikasi va davolashda bilimlari va ko’nikmalarini oshirish; psixiatrik va narkologik yordam ko’rsatishda diagnostika, davolashga yangicha yondashuv, texnologiyalar va ishlanmalar bilan tanishish; ruhiy va xulq-atvor buzilishlarida ko’p tarmoqli yordam ko’rsatishga o’rgatish; narkologik bemorlarni tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiyasining yangi yuqori texnologik ko’nikmalariga ega bo’lish; narkologik bemorlarga ijtimoiy-psixologik yordamning samarali metodlariga amaliy o’rgatish hisoblanadi. Yetakchi xorijiy tibbiy tashkilotlar bilan hamkorlikni kengaytirilishi ma’lumotlarni faol almashishga, ilmiy va amaliy faoliyatni birgalikda rejalashtirishga yordam beradi.
ПРОГРАММА ШКОЛЫ 23.044.202 Пресс_релиз_Самарканд школа uzb
Translate: Рус