«SAMARQAND RUHI – HAMKORLIK, O‘ZARO ANGLASHUV VA DO‘STLIK IFODASI»

ShHT

Shanxay hamkorlik tashkiloti ming yilliklar chorrahasida paydo bo‘ldi va rivojlanib kelmoqda. Tashkilotga asos solinganiga endigina 17 yil bo‘lganiga qaramasdan, shu kunga qadar hamkorlikni rivojlantirish borasida ko‘plab natijalarga erishildi. Bugungi kunda dunyoda 89 ta mintaqaviy tashkilotlar mavjud bo‘lsa, SHHT o‘z miqyosi, shakli-shamoyili va mohiyatiga ko‘ra yagona, o‘ziga xos tashkilot sifatida e’tirof etilmoqda. Bugungi kunda SHHT doirasida bir qator muhim masalalar bo‘yicha qarorlarning qabul qilinishi a’zo davlatlar o‘rtasida o‘zaro yakdillik mavjudligiga ishora qiladi.

O‘zbekiston Respublikasi SHHTning ta’sischi davlatlaridan biri bo‘lib, mamlakatimiz tashkilot doirasida mintaqaviy barqarorlikni saqlash, iqtisodiy hamkorlik, barqaror iqtisodiy o‘sish, madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni mustahkamlash masalalariga e’tibor qaratib kelmoqda.

Bugungi kunda tashkilot oldida xalqaro, mintaqaviy xavfsizlik, barqaror iqtisodiy rivojlanish, SHHT a’zolari bo‘lgan barcha davlatlar gumanitar rivojlanishiga bo‘lgan zamonaviy tahdidlarga munosib javob tayyorlash, terrorizm, ekstremizm, ayirmachilikka qarshi birgalikda kurashishni kuchaytirish borasida chora-tadbirlar ishlab chiqish kabi masalalar turibdi.
Buyuk Ipak yo‘lining durdonasi bo‘lgan qadimiy Samarqand shahri jahonning o‘n to‘rtta mamlakati yetakchilarini Tashkilotning va unga a’zo har bir davlatning farovonligi va ravnaqiga xizmat qiladigan yangi va ilg‘or taklif hamda tashabbuslari bilan kutib oldi. Ko‘p asrlar mobaynida bu shahar Yevropadan Xitoygacha bo‘lgan mamlakatlarni mustahkam rishtalar bilan bog‘lab, Shimol va Janubni, Sharq va G‘arbni yagona chorrahada tutashtirgan.

Azal-azaldan Samarqand turli g‘oya va bilimlar “qaynagan” makon bo‘lib, bu maskanda insoniyatning tinch va farovon yashash, o‘z kuch va imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarish, baxtli hayot kechirish kabi mushtarak maqsadlari mujassam bo‘lgan. Bu tabarruk zaminda yashaydigan har bir odam, yaxshi qo‘shni – bu Xudo insonga ato etgan baxtning bir bo‘lagi ekanini, tinch-totuv qo‘shnichilik esa barakot manbai ekanini chuqur anglagan. Zero, hamkorlik, savdo, ijod, ilm-fan va san’at, insoniy g‘oyalar ustuvor bo‘lgan joyda ezguliklar ko‘payadi, xalqlar farovon va o‘zaro ahil yashaydi.

Ko‘p yillik birgalikdagi ishlarimiz tajribasiga tayanib ishonch bilan aytamizki, SHHTning Samarqand sammiti umumiy xavfsizlik va taraqqiyot yo‘lidagi o‘zaro hurmat, ishonch, konstruktiv hamkorlik prinsiplariga asoslangan yangi, inklyuziv muloqotni yo‘lga qo‘yish borasida o‘ziga xos namuna bo‘la oladi. Hech shubhasiz, Samarqand sammiti Samarqand tashqi siyosat bobida ustuvor yo‘nalishlari turlicha bo‘lgan davlatlarni birlashtirish va murosaga keltirishga qodir aynan shunday platformaga aylana oladi va Shanxay hamkorlik tashkilotining bo‘lajak sammitida qabul qilinadigan qarorlar mintaqaviy darajada ham, global miqyosda ham muloqot, o‘zaro anglashuv va hamkorlikni mustahkamlashga salmoqli hissa qo‘shadi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.