HOMILADOR AYOLLAR ORASIDA OIV-INFEKTSIYASI…

Hammamizga ma’lumki, OIV-infeksiyasining tarqalganligiga 40 yildan ortiq vaqt o‘tgan bo‘lsada hali hanuz tibbiyotning dolzarb muammolaridan biri bolib qolmoqda. Bu kasallikdan nobud bo‘lganlarning soni, kasallanishning jamiyatga keltirgan iqtisodiy zarari bo‘yicha mutaxassislar uni «ikkita jahon urushi bilan bir qatorga qo‘yish mumkin» deb hisoblaydi. Lekin OIV-infeksiyasi aholi orasiga sezdirmasdan kirib kelishi va tezda qamrab olishi bilan jahon urushlaridan farq qiladi. OIV/OITS tarqalishining XX asr oxirida yuzaga kelgan va insoniyat sog‘lig‘iga, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga rahna solayotgan xavfga O‘zbekiston ham yuzma-yuz keldi. Respublikada OIV-infeksiyasi birinchi marotaba 1987 yilda oliy o‘quv yurtlarida xorijiy davlatlar Panama, Uganda va Zair davlatlaridan kelib tahsil olayotgan talabalar orasida aniqlangan. O‘sha davrda amaldagi qoidalarga muvofiq, Moskva shahri OITS markazida yakuniy tashxis tasdiqlangandan so‘ng, OIV aniqlangan bemor o‘z vataniga qaytarib yuborilgan. 1989 yildan boshlab mahalliy fuqarolar orasida ham OIV-infeksiyasi qayd etila boshlagan bo‘lib, 1999 yilda OITS bilan kasallangan birinchi bemor vafot etgan.

    UNAIDS ma’lumotlariga ko‘ra, butun dunyoda 2023 yilda OIV – infeksiyasi bilan zararlangan ayollarning qariyb 80% reproduktiv yoshdagi ayollardir. OIV bilan kasallangan tug‘ish yoshidagi ayollar sonining ko‘payishi ularning homiladorlik va tug‘ilish sonining ham doimiy ravishda ko‘payishiga olib kelishi mumkin. Dunyoda OIV/OITS bilan kasallanish darajasining statistikasi, qoida tariqasida kasallikning haqiqiy tarqalishiga umuman to‘g‘ri kelmaydi, chunki tadqiqot usullari faqat tibbiy muassasalarda ro‘yxatga olingan bemorlar soniga asoslangan. Shu bilan birga, ko‘pchilik infeksiya tashuvchilar va bemorlar shifokorga borishni istamasliklari yoki tibbiy murojaatga ehtiyoji bo‘lmaganligi sababli kasallikni yuqtirib olganligiga shubha qilishmaydi. Reproduktiv yoshdagi aholi qismining salomatligi ko‘p jihatdan demografik rivojlanish dinamikasini belilab beradi. Shuning uchun reproduktiv salomatlikni muhofaza qilish davlat demografik siyosatini rivojlantirishning yangi yo‘nalishidir.

    Homilador ayollar orasida so‘nggi yillarda OIV-infeksiyasining tarqalishiga sabab bo‘layotgan asosiy ijtimoiy omillarga ishsizlik oqibatida fuqarolarning chet davlatlariga ishlash uchun O‘zbekiston Respublikasi hududidan chiqib ketishi, xususan xotin qizlarning migratsiyaga tortilgan qismi orasida ijtimoiy muammolar nafaqat mehnat faoliyati, balki oilaviy hayotida ayniqsa nikoh munosabatlariga asoslangan jamiyatda bunday muammodan aziyat chekayotgan xotin qizlarning soni oshib bormoqda. Bunday xotin-qizlar iqtisodiy jihatdan ko‘proq erkaklarga qaram bo‘lib, ko‘pincha zo‘ravonlikka duchor bo‘lishadi, himoyalanmagan jinsiy aloqada bo‘lish ehtimoli ko‘proq, bir nechta sheriklarning bo‘lishi va moddiy yordam, giyohvandlik, oziq-ovqat yoki uy-joy uchun jinsiy aloqaga murojaat qilishadi.

   OIV-infeksiyasining tarqalishida tibiiy muammolarga homiladorlik paytida OIV yuqishiga onaning qonidagi virus yuklamasining yuqori darajasi bo‘lishi, homilador ayolning ijtimoiy va xulq-atvoridagi salbiy o‘zgarishlar, (psixotropfaol moddalar, spirtli ichimliklarni iste’mol qilish, homiladorlik paytida kuzatuvning etishmasligi), siydik chiqarish va jinsiy a’zolardagi infeksiyalar, yo‘ldoshning patologiyasi (xorioamnionit) ham sabab bo‘ladi.  Onadan bolaga OIV yuqishining yuqori ehtimollik darajasi tug‘ruq paytida homila tug‘ilish kanalidan o‘tib, infeksiyalangan ona qoni va jinsiy a’zolar shilliq qavati bilan aloqa qilganda sodir bo‘ladi. Onaning qonida va bachadon-vaginal sekretsiyasida OIV RNKning aniqlangan darajasi, uzoq suvsiz interval (4 soatdan ortiq), tug‘ruq paytida invaziv tibbiy aralashuvlar (epiziotomiya, amniotomiya), yo‘ldoshning ajralishi, yumshoq tug‘ilish kanalining shikastlanishi va yorilishi tug‘ruq paytida infeksiya xavfini oshirishi mumkin.

       Ma’lumki, OIV infeksiyali bemorlar umri davomida davlat tomonidan ta’minlanishi belgilangan retrovirusga qarshi dori preparatlarini bepul qabul qiladi va o‘z navbatida bunday dori vositalarini qabul qiluvchilar soni ham ortib bormoqda. Bemordan uning sog‘lom jinsiy sherigiga kasallik yuqib qolmasligi va profilaktika uchun sog‘lom jinsiy sherik ham maxsus sxema asosida retrovirusga qarshi dori vositalarini qabul qiladi. Bunday juftliklarga serodiskordant juftliklar deyiladi. Serodiskordant juftlik bu sheriklaridan biri OIV bilan zararlangan va uzoq vaqt davomida jinsiy munosabatlarni davom ettiruvchi juftlikdir. Serodiskordant atamasi lotincha so‘zdan olingan bo‘lib, sero-qon; differant-mos bo‘lmagan degan ma’nolarni anglatadi. Diskordant so‘zi lotincha (discordans, discordantis) so‘zdan olingan bo‘lib, «nomuvofiq», «o‘xshash bo‘lmagan», «boshqacha» degan ma’noni anglatadi. Bizning «Homilador ayollar orasida OIV-infeksiyasi tarqalishining epidemiologik tavsifi va profilaktikasini takomillashtirish yo‘llar» mavzusidagi tibbiyot fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun olib borgan tadqiqotimizda aynan mana shu guruhdagi sog‘lom jinsiy sheriklari hisoblangan ayollar kasallikni jinsiy yo‘l orqali yuqtirib olish xavfi yuqori ekanligini ilmiy asoslab berildi.

Mamlakatimizda homilador ayollar orasida OIV-infeksiyasini tarqalishi, demografik va ijtimoiy xususiyatlari, epidemik jarayon rivojlanishiga ta’sir qiluvchi xavf omillari hamda ularning jinsiy sheriklari o‘rtasida OIV-infeksiyasining tarqalishining oldini olishga yo‘naltirilgan profilaktik chora-tadbirlarni takomillashtirishga oid tadqiqotlar hali o‘tkazilmagan. Shuni ham yodda tutish kerakki, yuqoridagilar bilan bog‘liq holda bunday tadqiqot ishlari jahon adabiyotlarida ham yetarli emasligi ushbu dissertatsiya mavzusining dolzarbligini belgilaydi.

Toshkent tibbiyot akademiyasi Epidemiologiya kafedrasi assistenti Kalniyazova Inobatxon Bayramovna

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan